Tasavvur qiling: ko‘chada ketayotsangiz, bir chet ellik to‘xtatib: "Excuse me, how can I get to the nearest park?" deb so‘radi.
Shu soniyada miyangizda nima sodir bo‘ladi? To‘g‘ri, ichki "Google Translate" ishga tushadi. Avval u aytgan gapni o‘zbekchaga o‘girasiz: "Yaqin atrofdagi parkka qanday borsa bo‘ladi?". Keyin o‘zbekchada javob tayyorlaysiz: "To‘g‘riga yurasiz, keyin chapga burilasiz". Va nihoyat, buni inglizchaga tarjima qilishni boshlaysiz: "You go... go straight... then... then left...".
Bu vaqt ichida boyagi odam zerikib, uylanib, farzandli bo‘lishga ham ulguradi. Miyangiz "Macintosh" kompyuteri kabi qotib qolyaptimi? Xavotir olmang, siz "tarjima tuzog‘i"ga tushib qolgansiz.
Menda ham bunaqa "glitch" bo'lgan (IELTS 8 bo‘lishdan oldin)
Hozir IELTS balim 8 bo‘lishi mumkin, lekin men ham hammasini noldan boshlaganman. Bir marta ustozim darsga nima uchun kechikkanimni so‘raganida, miyamda shunday murakkab o‘zbekcha gap tuzganman: "Avtobus o‘z vaqtida kelmagani sababli, darsning boshlanish qismiga yetib kela olmadim".
Miyamda "sababli" degan so‘zga inglizcha muqobil qidirib qolganman. Because-mi? Due to-mi? As a result of-mi? Men javob topguncha hamma menga qarab turardi. Juda noqulay vaziyat edi.
Xulosa shuki, miya bir vaqtning o‘zida ikkita tilni bir xil tezlikda ishlata olmaydi. Agar tarjima qilsangiz, suhbatdan doim ikki qadam ortda qolasiz. Bu go‘yo poygada oyog‘ingizga og‘ir tosh bog‘lab yugurishga o‘xshaydi. Toshni yechib tashlang!
So‘zlarni emas, "Vibe"ni o‘rganing
Ko‘pchilik ingliz tilini bozorlik ro‘yxatidek o‘rganadi: Olma = Apple. Stol = Table. Bu miyani sekinlashtirishning eng zo‘r yo‘li axaxaxa. So‘zlarni yakka-yakka o‘rgansangiz, ularni bir-biriga yopishtirish uchun miyangiz 10 baravar ko‘proq energiya sarflaydi.
Buning o‘rniga, so‘zlarni iboralar bilan birga yutib yuboring. Masalan, "borish" va "bozor" so‘zlarini alohida emas, "go shopping" deb bitta qism sifatida yodlang. Grammatikasi haqida o‘ylamang, "nega o‘rtada 'to' yo‘q?" deb boshingizni qotirmang. Shunchaki shundayligicha qabul qiling.
Iboralarni bilsangiz, miyangiz tarjima qilmaydi, shunchaki gapira boshlaydi. O‘zbek tili va ingliz tili — ikki xil operatsion tizim. O‘zbekcha Windows bo‘lsa, inglizcha macOS. Biri-biriga fayl o‘tkazib o‘tirmang, shunchaki bitta tizimni tanlash kere.
O'ziz bilan gaplashing (Jiddiy aytyapman!)
Gapirishni mashq qilish uchun Londonlik do‘stingiz bo‘lishi shart emas. Sizga faqat o‘z ovozingiz va hech kim sizni "telba" deb o‘ylamaydigan xona kerak. Hayotingizni inglizchada tasvirlashni boshlang. Choy damlayapsizmi? Baland ovozda ayting: "Okay, I’m making tea now. I need a cup. Where is the sugar?".
Bu kulgili tuyulishi mumkin, lekin siz miyangizni o‘zbekcha "vositachi"siz ishlashga o‘rgatyapsiz. Harakatni to‘g‘ridan-to‘g‘ri inglizcha so‘zga bog‘layapsiz. Kuniga 10 daqiqa shunday qilsangiz, miyangizdagi "loading" belgisi yo‘qola boshlaydi.
"Bo‘laveradi" qoidasi
Miyamizda tarjima qilishimizning asosiy sababi — qo‘rquv. "A" yoki "The" artiklini tushirib qoldirmayapmanmi deb qo‘rqanimizdan, butun suhbatni to‘xtatib qo‘yamiz. Keling, tan olaylik: o‘zbek tilida artikl yo‘q. Shuning uchun miyangiz ularni baribir "musor" deb hisoblaydi. Agar siz ularni majburlab joyiga qo‘yishga harakat qilaversangiz, til tugunib qoladi.
Mana sizga sir: Xato bilan bo‘lsa ham gapirish, mukammallikni kutib jim turishdan yaxshiroq. Agar siz "I go to market" desangiz (grammatik xato bilan), odamlar baribir sizni tushunadi. Qancha ko‘p gapirsangiz, miyangiz inglizcha strukturaga shuncha tez ko‘nikadi. Vaqt o‘tib, o‘sha artikllar o‘z-o‘zidan joyiga tushadi. Lekin bunga erishish uchun tarjima qilishni to‘xtatishingiz kerak.
Miya kutubxona emas, u mushak
Faqat kitob o‘qish bilan tarjimadan qutulib bo‘lmaydi. Bu xuddi velosiped haydashni kitobdan o‘rganishga o‘xshaydi — muvozanatni baribir amalda his qilishingiz kerak. Kichik qadamlardan boshlang. Telefoningiz tilini inglizchaga o‘zgartiring. Kinolarni inglizcha subtitr bilan ko‘ring. Miyangizni har kuni bir oz inglizcha muhitda yashashga majburlang. Boshida charchaysiz, balki boshingiz og‘rir. Bu yaxshi belgi — demak miyangizda yangi ulanishlar hosil bo‘lyapti.
Siz buni uddalaysiz.
-til.uz bilan birga ekansiz, demak allaqachon to‘g‘ri yo‘ldasiz. Biz mukammal bo‘lish uchun emas, kechagidan ko‘ra yaxshiroq bo‘lish uchun harakat qilyapmiz.
Endi navbat sizga.
Yana qanday mavzuda blog post yozishimni xohlaysiz?

