Tasavvur qiling: "Bugun ingliz tilimni zo'r qilaman" deysiz-da, Netflix yoki biror saytni ochib, zo'r bitta kinoni qo'yasiz. "Tushunmay qolmay" deb, sekin o'zbekcha (yoki ruscha) subtitrni ham yoqib qo'yasiz. Yonida choy yoki shirinlik. Ikki soatdan keyin kino tugaydi, siz esa "Vah, zo'r kino ekan, ingliz tilim ham ancha o'sdi-yov" deb xursand bo'lasiz.
Keling, to'g'risini tan olaylik: siz hozirgina ingliz tilini o'rganmadingiz, shunchaki mazza qilib kino ko'rdingiz!
Nega bunday bo'ladi?
Miyamiz juda dangasa. Unga bir vaqtning o'zida ikkita ma'lumot berilsa (inglizcha ovoz va o'zbekcha matn), u doim oson yo'lni tanlaydi. Ko'zingiz ona tilingizdagi matnni o'qiyotganda, qulog'ingiz inglizcha so'zlarni xuddi fonga aylanib qolgan musiqadek qabul qiladi. Bu o'z-o'zini aldashdan boshqa narsa emas.

Xo'sh, kinodan qanday qilib haqiqiy foyda olish mumkin? Mana sizga o'zim sinab ko'rgan va IELTS da yordam bergan tayyor "retsept":
- Subtitrni o'chiring (Ha, rostdan!) Eng yaxshi usul — filmni umuman subtitrsiz ko'rish. Yo'q, hamma so'zni tushunishingiz shart emas! Aktyorlarning yuz ifodasi, harakati va ohangidan (vibe'dan) vaziyatni tushunishga harakat qiling. Bu miyani real hayotdagi kutilmagan suhbatlarga tayyorlaydi. Ko'chada sizga chet ellik gapirganda uning peshonasida subtitr chiqmaydi-ku, to'g'rimi?
- Faqat inglizcha subtitr Agar umuman tushunmayotgan bo'lsangiz va miyangiz qaynashni boshlasa, mayli, subtitrni yoqing. Lekin faqat inglizchasini! Shunda eshitayotgan so'zingiz qanday yozilishini ko'rib, miyangizda to'g'ri ulanish hosil qilasiz.
- "Pauza" va "Copy-Paste" qoidasi Kino ko'ryapsizmi, demak videoni orqaga qaytarish imkoni bor. Qaysidir aktyorning gapi, urg'u berishi yoki ishlatgan iborasi yoqib qoldimi? To'xtating. Uning ovoz ohangiga taqlid qilib, o'sha gapni baland ovozda qaytaring. Xuddi o'sha aktyordek gapirishga harakat qiling. Bu "Shadowing" deyiladi va u sizning aksentingizni dahshatli darajada o'stiradi.
- Bitta kinoni ikki marta ko'ring Birinchi marta ko'rganingizda baribir syujetga chalg'iysiz, qahramon o'ladimi-yo'qmi deb xavotir olasiz. Ikkinchi marta ko'rganingizda esa xotirjam tilga e'tibor berasiz. Sevimli kinolaringizni qayta-qayta ko'rish — ingliz tilini qon-qoningizga singdirishning eng zo'r yo'li.
Xulosa
Kino ko'rib til o'rganish — afsona emas. Lekin uni o'yin qoidalariga asosan ko'rish kerak. Passiv tomoshabin bo'lmang. Agar sizga faqat kino ko'rish emas, balki tilni interaktiv usulda ishlatish, bellashish va miyani mashq qildirish qiziq bo'lsa, B-Til.uz dagi o'yinlar (Arena, Race) aynan siz uchun.
