Ko‘pchilik IELTS 8.0 darajasi haqida gapirganda, qandaydir yashirin, sehrli formulani kutadi. Xuddi "mana shu bitta kitobni o‘qisang" yoki "mana bu lifehackni ishlatsang, bo‘ldi" degandek. Juda samimiy aytaman: bunday sehr mavjud emas. Agar kimdir sizga buni va'da qilayotgan bo'lsa, demak, u sizni aldayapti.
IELTS 8.0 bu imtihon formatini yodlash emas, bu tilni haqiqatan ham his qilish natijasi. Men tayyorlanishni boshlaganimda bitta achchiq haqiqatni tushunib yetgandim: agar mening umumiy ingliz tilim (General English) kuchsiz bo‘lsa, IELTS testlari meni ayamaydi. Hech qanday "trick" yoki "tip" yordam bermaydi.
Majburiy muhit va BMU effekti
Mening eng katta yutug‘im ingliz tilini "dars" sifatida o‘rganishni to‘xtatib, uning ichida yashashga qaror qilganim bo‘ldi. British Management University (BMU) da o‘qishim bunga katta turtki berdi. Tasavvur qiling, darslar, taqdimotlar, do‘stlar bilan bahslar, hatto oddiy hazillar ham ingliz tilida. Bu shunchaki o‘qish emas, bu til muhitida "cho‘milish" edi.
Lekin universitetdan tashqarida ham to‘xtamadim. Musiqani shunchaki fon uchun emas, so‘zlarning ma’nosini chaqib tingladim. Podkastlar mening eng yaqin hamrohimga aylandi bu orqali qulog‘im turli xil aksentlarga o‘rgandi. Ochiqchasiga aytaman, agar siz kuniga kamida 2-3 soatingizni ingliz tilidagi kontentga (kitob, video, audio) sarflamasangiz, yuqori ballni orzu qilmasangiz ham bo‘ladi. Til bu tirik organizm, u bilan har kuni yashash kerak.
Grammatika: Formula emas, Mantiq
Ko‘pchilik grammatikani yomon ko‘radi, chunki maktabda bizga buni zerikarli formulalar yig‘indisi deb o‘rgatishgan. Men esa yondashuvimni o‘zgartirdim. Grammatika — bu qoidalar to‘plami emas, bu fikrni aniq yetkazish vositasi. Masalan, "Present Perfect"ni shunchaki zamon formulasi deb emas, o‘tmishdagi tajribam va hozirgi holatim o‘rtasidagi ko‘prik deb qabul qildim.
Imtihon oluvchi (Examiner) sizning formulalarni qanchalik yodlaganingizni tekshirmaydi. U sizning fikringiz qanchalik ravon, mantiqiy va tugallangan ekanligiga qaraydi. Mantiqni tushunsangiz, qoidalar o‘z-o‘zidan joyiga tushadi.
Poydevor mustahkam bo'lsin
Eng muhim, lekin ko'pincha e'tiborga olinmaydigan haqiqat shuki IELTS'dan oldin General English (umumiy ingliz tili) mukammal bo'lishi shart. IELTS sizning so'z yodlash qobiliyatingizni emas, real vaziyatda tilni qanday ishlatishingizni baholaydi.
O'zingizga savol bering: oddiy maishiy mavzuda erkin gapira olasizmi? Filmni subtitrsiz ko'rib, mazmunini to'liq tushunyapsizmi? Agar javob "yo'q" bo'lsa, demak, IELTS testlariga sho'ng'ishga hali erta. Men avval poydevorni qurdim, keyin imtihonga kirdim. Natijada Speaking paytida so‘z qidirish muammosi yo‘qoldi, Listeningda esa "taxmin qilish" o‘rniga, haqiqatan ham tushunish paydo bo‘ldi.
Bu sprint emas, bu marafon
IELTS 8.0 — bu bir haftada erishiladigan natija emas. Bu uzoq muddatli intizom, sabr va eng asosiysi o‘zingizga nisbatan halollikni talab qiladi. O‘zingizdan so‘rang: "Men bugun shunchaki test yechdimmi yoki haqiqatan ham ingliz tilida yashadimmi?".
Agar siz faqat test texnikalariga yopishib olsangiz, bilingki, o‘sish chegarasi (plafon) juda past bo‘ladi. Lekin tilning o‘zini sevsangiz va uni hayot tarzingizga aylantirsangiz, yuqori ball shunchaki yoqimli bonusga aylanadi.
Xulosa
Xulosa qilib aytganda: Men 8.0 ballni ingliz tilini hayotimga kiritib, grammatikani his qilib va testdan oldin tilning o‘zini o‘rganib oldim. Bu yo‘l oson emas, lekin eng to‘g‘ri va ishonchli yo‘l shu. Boshlashga tayyormisiz? Unda B-Til.uz dagi birinchi darsingizni hoziroq boshlang!
